Saida Mirziyoyeva o'qituvchilarni faoliyatiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb qilinishi haqida: "Biz oʻqituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashni to'xtatishimiz shart"

Komil Allamjonov holat yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko'rsatma berilganini ma'lum qildi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

 Bloger Nikita Makarenko maktab oʻqituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida maʼlumotlar yigʻilayotgani haqida xabar bergan edi. Ushbu xabarga Xalq ta'limi vazirligi munosabat bildirdi.

Hukumatning qaroriga muvofiq, maktab rahbariyati oʻz maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotga ega boʻlishi kerak.

“Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yoʻq. Soʻnggi ikki yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, joylardagi ayrim rahbarlarning „tashabbusi“ bilan pedagog-xodimlarni  faoliyatiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligi eslatib o'tilgan.

Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga o'z munosabatini bildirib o'tdi.

“Men oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish oʻta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini soʻrab qolaman.

Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini taʼminlashdir.

Buning oʻzi juda murakkab vazifa. Taʼlim yoʻnalishida shundoq ham muammolar gʻij-gʻij boʻlib turganida, ustiga-ustak oʻqituvchilar gardaniga yana qandaydir qoʻshimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha”, — qayd etadi u.

Uning aytishicha, oʻqituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki Oʻzbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.

"Hozir mamlakatimizda taʼlim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz oʻqituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat taʼlim, faqat oʻqituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun ham ustozlarimizni eʼzozlashimiz shart!”, — deya taʼkidlagan Saida Mirziyoyeva.

Pereizdent Administratsiyasi rahbari o'rinbosari Komil Allamjonov holat yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko'rsatma berilganini ma'lum qildi.

"Xalq taʼlimi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga oʻqituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan Administratsiya tomonidan tegishli koʻrsatma berildi", deb yozadi Komil Allamjonov.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling