"O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Nigoh" xabar bermoqda.
Qarorga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish belgilangan.
Qarorga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda "Ishga marhamat" monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Maxsus o'quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsonlari bo‘lgan shaxslar, shuningdek, ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari maxsus o‘quv kurslarida bepul, qolgan shaxslar esa to‘lov asosida o‘qitiladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima bilan namoyish etiladi.
Xabarga ko'ra, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.
Qayd etilishicha, 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi.
Qonunda aytilishicha, 2023-yildan boshlab har yili sentyabr oyida "Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon" tanlovi o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari quyidagicha tartibda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
1-o‘rin uchun – BHMning 100 baravari;
2-o‘rin uchun – BHMning 65 baravari;
3-o‘rin uchun – BHMning 50 baravari.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling