Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
Oʻzbekistonda ilk marta qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali oʻzini-oʻzi energiya resurslari bilan toʻliq taʼminlaydigan xonadon qurildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur xonadon Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Xabarga koʻra, xonadonning ochilish marosimi 17-noyabr kuni boʻlib oʻtgan. Unda Toshkent viloyati hokimligi, Energetika vazirligi, Qurilish vazirligi, BMTTD va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
Mazkur xonadonga 15 kVt quvvatga teng quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, xonadonni energiya resurslari bilan toʻliq taʼminlaydi. Shuningdek, xonadonda issiq suv taʼminoti uchun 200 litrli quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatilgan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur xonadon oʻz ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotib, qoʻshimcha daromad olish imkoniyati ham yaratildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling