Vladimir Zelenskiy Eron dronlariga qarshi kurashda Isroildan yordam so'radi

Ukraina rahbari Rossiya Eronga yadro quroli dasturida yordam berayotgan bo'lishi mumkinligini aytdi

Foto: habermotto.com

Foto: habermotto.com

24-oktabr, dushanba kuni "Haaretz" demokratik sammitida chiqish paytida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Isroilni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to'g'risida qaror qabul qilishga chaqirdi. 

Ukraina prezidentinign ta'kidlashicha, urushning sakkiz oyi davomida Rossiya Ukrainaga qarshi 4,5 mingga yaqin raketadan foydalangan va ularning raketalari kamayib bormoqda.

"Sizning davlatingiz kim bilan ekanligini tanlash vaqti kelmadimi? O'z mavjudligi uchun ekzistensial tahdidga qarshi yonma-yon kurashayotgan demokratik davlat bilanmi yoki terrorizmni davom ettirish evaziga global xavfsizlik butunlay vayron bo'lsa ham Rossiya terroriga ko'z yumadiganlar bilan?" — deb Isroilga murojaat qildi Zelenskiy o'z nutqida.

Shuningdek, Ukraina rahbari Rossiya Federatsiyasi Eronga yadro dasturini amalga oshirishda yordam berishi mumkinligini aytdi.

"Sizga savolim bor – nima deb o'ylaysiz, dronlar evaziga Rossiya Eronga nima to'laydi? Eron shunchaki pulga qiziqadimi? Eronga pul emas, balki Rossiyaning Eronga yadro quroli dasturi uchun yordam berishi muhim. Ehtimol, ular aynan shuning uchun ittifoq tuzishgandir", — dedi u.

Zelenskiyning so'zlariga ko'ra, agar Ukraina raketa va dron tahdidiga duch kelganda darhol o'z osmonini himoya qila olsa, Rossiyada endi Erondan o'z terroriga yordam berish evaziga unga biror narsa taklif qilish uchun hech qanday sabab qolmaydi.

"Albatta, bu sizning davlatingiz, hukumatlaringizning qaroridir. Biroq, Kremlni "bezovta qilmaslik", Ukrainaga haqiqatan ham yordam berishni hohlamaslikni anglatadi", — deb ta'kidladi Zelenskiy.

Shu bilan birga, Zelenskiy Isroilni birgalikda harakat qilishga va Ukrainaga ko'rsatilayotgan tibbiy yordami uchun Isroil xalqiga minnatdorchilik bildirdi.

Avvalroq, Isroil Eronning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishidan xavotir bildirgan, ammo Ukrainaga qurol etkazib berishdan bosh tortgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling