Foto: Senat axborot xizmati
Oliy Majlis Senati 8-9-sentyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan "Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammiti"ga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln soʻmdan ortiq mablagʻ sarflagan.
Senatning sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirish xarajatlari smetasiga koʻra, 8-sentyabr kungi tushlik va kechki ovqat uchun 608 mln 120 ming soʻm, 9-sentyabr kungi kofe breyk va tushlik uchun 448 mln 500 ming soʻm, umumiy 1 mlrd 56 mln 620 ming soʻm mablagʻ sarflangan.
Senatning "Binolardan foydalanish va xoʻjalik faoliyati" boshqarmasi ovqatlantirishni tashkil etish uchun toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma orqali “Sky Events” MCHJ bilan 1 mlrd 56 mln 620 ming soʻmlik shartnoma tuzgan.
Dabdabali dasturxondagi eng qimmat taom – har bir porsiyasi 550 ming soʻmdan tushgan goʻshtli assorti.
Kun.uz'ning maʼlum qilishicha, sammitni oʻtkazish xarajatlari boʻyicha qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan.
Davlat reyestriga koʻra, toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida xizmat koʻrsatgan “Sky Events” MCHJga 100% ulush bilan Sultonov Sherzod Bahodirovich egalik qiladi.
Bu MCHJ nafaqat sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirish, balki tadbirni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar uchun ham 1,2 mlrd soʻmlik va 957 mln soʻmlik shartnomalarni qoʻlga kiritgan.
1,2 mlrd soʻmlik shartnoma
957 mln soʻmlik shartnoma
Sky Events shu yil bahorda oʻtkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham asosiy xizmat koʻrsatuvchilar qatorida boʻlgandi. Oʻshanda bir porsiya osh 130 ming soʻmdan, bir dona somsa 70 ming soʻmdan, 1,5 litrli Coca Cola 32 ming soʻmdan hisoblangani muhokamalarga sabab boʻlgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling