Farg‘onada IIO xodimlari do‘konlardagi pichoq va qaychilarni olib qo‘yayotgani haqida xabar tarqaldi

Jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tuman MFYlarida profilaktik tadbirlar olib borilgan

Foto: Epicurios.com

Foto: Epicurios.com

Ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Buvayda tumanidagi qishloqlarda profilaktika inspektorlari tomonidan do‘konlardagi pichoq va qaychilarni olib qo‘yilib, jarima yozilayotgani haqidagi xabar Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buvayda tumani IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xodimlari tomonidan tuman hududida bevosita tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha “Oqtepa”, “Xonobod” hamda “Qo‘rg‘onobod” MFYlarida profilaktik tadbirlar olib borilgan.

Mazkur tadbirlar davomida ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185- modda 2-qismida nazarda tutilgan (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish, BHM ning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima) qoidalarini buzgan 3 nafar fuqaroga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda asoslanmagan ma’lumotlar tarqatilganda, rasmiy munosabat bildirilmasdan turib noo‘rin xulosaga bormasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi Farg‘ona viloyati IIB xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling