Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan nima uchun qochib ketganini aytdi

Sobiq prezident katta miqdorda pul olib ketmaganini ta'kidlagan

Foto: TASS

Foto: TASS

Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani bir yil avval Tolibonlarga mamlakat prezidentini xo‘rlab, uni yangi hukumatni qonuniylashtiruvchi hujjatlarni imzolashga majburlash imkoniyatini bermaslik uchun Afg‘onistondan qochib ketgan. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

“Mening ketishimning sababi shundan iborat ediki, men toliblarga va ularning tarafdorlariga Afg‘oniston prezidentini yana bir marta kamsitish va uni hukumatning qonuniyligi to‘g‘risidagi hujjatni imzolashga majburlash lazzatini bergim kelmadi. Men hech qachon qo‘rqmaganman”, — deb aytgan sobiq prezident.

Qayd etilishicha, dastlab Ashraf G'anida Afg‘onistonni tark etish rejasi bo‘lmagan. Shuningdek, sobiq prezident jurnalistning o‘zi bilan pasport va katta miqdorda pul olib ketgani haqidagi savoliga rad javobi bergan.

2021-yil avgusti o‘rtalariga kelib, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani BAAga qochib ketdi. “Tolibon” o‘z hukumatini tuzib, Afg‘onistonda islom amirligini qayta tiklash rejalarini e’lon qildi. O‘sha yili oktabrda Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttakiy “Tolibon” o‘z hokimiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan qonuniy deb topilishi uchun barcha shartlarni bajarganligini ma’lum qildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling