Aholi va tadbirkorlar uchun issiqlik ta'minoti tariflari o'zgarmaydi

Budjet tashkilotlari uchun chakana tarif — 502 067 so‘m/Gkalni tashkil qiladi

Foto: Qalampir.uz<br>

Foto: Qalampir.uz

Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi 2022-2023-yillar isitish mavsumi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar shuningdek kichik, o‘rta va yirik biznes uchun tariflar avvalgi holda qoladi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2022-yilning 26-sentyabrdagi qarori asosida Toshkent shahar hokimligi tomonidan "Veolia Energy Tashkent" MCHJ XK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni tasdiqlash to‘g‘risidagi 2022-yilning 27-sentyabrdagi qarori e’lon qilindi.

Unga ko'ra, Veolia Energy Tashkent MCHJ XK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (bazaviy tarif) 397 212 so‘m/Gkal miqdorida belgilandi.

Ushbu qarorga muvofiq, issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun chakana tariflar quyidagilar uchun avvalgi holda qoladi:

- aholi uchun — 91 960 so‘m/Gkal (2019-yil 15-avgustdan amalda);

- kichik, o‘rta va yirik biznes uchun — 141 737 so‘m/Gkal (2019-yil 15-avgustdan amalda).

Ma'lum qilinishicha, budjet tashkilotlari uchun chakana tarif — 502 067 so‘m/Gkalni tashkil qiladi. Ushbu tarif e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tib, ya’ni 2022-yil 21-oktabrda kuchga kiradi.

Qayd etilishicha, bazaviy va chakana tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent shahrining mahalliy budjeti hisobidan subsidiyalanadi. Ushbu subsidiyalar va iste’molchilardan issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun kelib tushgan mablag‘lar, hamda Veolia Energy Tashkent MCHJ XKning o‘zining sarflangan mablag‘lari hisobidan:

- issiqlik ta’minoti tizimlarining rejali modernizatsiyasi va qayta tiklanishini amalga oshiradi;

- Sergeli va Bektemir tumanlarida kompaniya pilot loyihalarini amalga oshiradi;

- istiqbolda, issiqlik energiyasini ishlab chiqishga energiya resurslarini sezilarli ravishda qisqartiradigan, issiqlik ta’minotining yopiq tizimga bosqichma-bosqich o‘tishini amalga oshiradi.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu tariflar faqat Toshkent shahri uchun amal qiladi.

Ma’lumot o'rnida, Fransiyaning Veolia kompaniyasi Veolia Energy Tashkent MCHJ XK ning sho‘ba kompaniyasi orqali 2021-yil 29-sentabrdagi davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini 2022-yil 1-iyuldan boshlab 30 yil boshqaradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling