Farg‘onada ilk bor to‘xtab turgan yurakda operatsiya o‘tkazildi

Hozirda bemorning ahvoli yaxshi, tegishli muolajalar davom etmoqda 

Foto: SSV

Foto: SSV

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Farg‘ona filialida 37 yoshli bemorning yuragida aorta klapanini protezlash amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, yurak klapanlari yaxshi ishlamasligi nafas qisishi, charchoq, ko‘krak qafasida kuchli og‘riq va yurak yetishmovchiligi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. 

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida yashovchi bemor xuddi shunday alomatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Chuqur tekshiruvlardan so‘ng unda aniqlangan asoratlarni yuqori texnologik operatsiya yordamida bartaraf etish tavsiya etilgan. 

Natijada Farg‘onada ilk bor aorta klapanini protezlash amaliyoti o‘tkazildi. Mahalliy sharoitda bajarilgan ushbu operasiyada mamlakatda sanoqli bo‘lgan “Shtokkert” sun’iy qon aylantirish apparatidan foydalanilgan. Mazkur texnologiya amaliyot chog‘ida bemor yuragi to‘xtatilgach, sun’iy yurak vazifasini bajargan. 

Hozir bemorning ahvoli yaxshi. Tegishli tibbiy muolajalar davo ettirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling