Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati
Namangan viloyati Namangan shahridagi xonadonlarning birida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 11-dekabr kuni soat 01:13 da Namangan shahar favqulodda vaziyatlar boʻlimiga “Diyor” mahallasi xududidagi xonadonlarning birida yongʻin sodir boʻlayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Unga asosan boʻlimning 1,3-sonli yongʻin qutqaruv qismi ekipajlari voqea joyiga soat 01:18 da yetib borib, yongʻin soat 01:45 da toʻliq bartaraf etilgan.
Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati
Yongʻin oqibatida yashash uyining shift va tom qismidan 70 kvadrat metr qismi hamda uy-roʻzgʻor buyumlari yonib zararlangan.
Yongʻinga gaz va havo aralashmasi natijasida kelib chiqqan chaqnash sabab boʻlgani taxmin qilinmoqda. Xonadon egasi bilan suhbatlashilganda, xonani isitish maqsadida qoʻlbola tunika pechiga gaz surgʻich oʻrnatilganini aytgan.
Qayd etilishicha, yongʻin vaqtida xonadon egasi 70 yoshli fuqaro va uning 42 yoshli oʻgʻli 2-gurux nogironi kuyish tan jarohatini olgan.
Hozirda sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan tergovga qadar surushtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, sodir boʻlayotgan yongʻinlarning asosiy sabablari qoʻlda yasalgan tunika pechlar va gaz suruvchi moslamalardan foydalanish oqibatida sodir boʻlayotganini maʼlum qilamiz.
Shuning uchun xonadoningizni qish mavsumida isitish maqsadida foydalanilayotgan isitish pechlaridan belgilangan qoida-talablar asosida foydalaning. Yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qiling”, deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling