Putin MDHga a'zo davlatlarning prezidentlariga uzuk sovg'a qildi

Ushbu berilgan uzuklarda hech qanday ramziy ma'no yo'qligi aytildi

Foto: Telegram

Foto: Telegram

MDHga aʼzo davlatlarning Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan norasmiy sammitida Vladimir Putin davlat rahbarlariga uzuk sovgʻa qildi.

Tadbir davomida jurnalistlar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning qoʻlidagi uzukka eʼtirob qaratgan. Telegramʻdagi “Pul pervogo” kanalining aniqlik kiritishicha, Yangi yil tabrigi yozilgan toʻqqizta uzuk norasmiy uchrashuv ishtirokchilari uchun maxsus tayyorlangan. Qator OAVlarning yozishicha, qolgan davlatlarning yetakchilari uzuklarni taqmagan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin tomonidan Sankt-Peterburgdagi MDH norasmiy sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlariga berilgan 9 uzukning ramziy maʼnosi yoʻqligini maʼlum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Avvalroq "The Insider" nashri Putin tomonidan taqdim etilgan 9 uzuk bilan Jon Ronald Tolkiyenning “Uzuklar hukmdori” asaridagi 9 ta uzuk oʻrtasidagi oʻxshashlikka eʼtibor qaratgandi. Nashrning yozishicha, asar markazidagi predmet boʻlgan uzuk Lord Sauron tomonidan odamlarni oʻz xizmatkoriga aylantirish maqsadida ishlatiladi. Sauron 9 uzukni 9 ta hukmdorga berish orqali ularni Nazgul nomi bilan tanilgan arvohlarga — oʻzining eng halokatli xizmatkorlariga aylantiradi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa ushbu uzuklar shunchaki Yangi yil uchun esdalik sovgʻasi ekanini maʼlum qilgan. Prezident Putin uzukni taqadimi yoki yoʻqmi, degan savolga esa salbiy javob bergan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling