Videodan lavha
Rossiyaning Kostroma shahrida joylashgan kafeda yongʻin sodir boʻldi. Voqea oqibatida 15 kishi halok boʻldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Voqea taxminan soat 02:30 larda boshlangan. Yongʻin yuz bergan vaqtda kafe ichida koʻp sonli odamlar boʻlgan. Maʼlum qilinishicha, 250 kishi evakuatsiya qilingan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻinning kelib chiqish sababi pirotexnika vositalaridan noqonuniy foydalanish boʻlishi mumkin.
“Xoʻrandalardan biri signal raketasini otuvchi toʻpponchadan foydalangan. Yongʻin kelib chiqishining sababi shu boʻlishi mumkin. Hozirda gumonlanuvchi qidirilmoqda”, – deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 109-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlikdan ikki yoki undan ortiq shaxsning oʻlimiga olib kelishi) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling