Surxondaryoda piyodani bosib, qochib ketgan haydovchi ushlandi

Hodisa natijasida piyoda halok bolgan

Foto: Telegram

Foto: Telegram

12-dekabr kuni soat 19:30 larda Surxondaryo viloyati Angor tumani Yangiobod mahallasi hududidan oʻtuvchi 4R-1597 avtomobil yoʻlining 6-kilometrida yoʻl oʻrtasida yotgan nomaʼlum fuqaroning jasadi aniqlangan.

Surxondaryo viloyati IIB Matbuot xizmati xabariga koʻra, oʻsha kunning oʻzida xodimlar holatga oydinlik kiritish va murdaning shaxsini aniqlash ishlarini olib borgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga koʻra, 46 yoshli fuqaro nomaʼlum transport vositasi tomonidan sodir etilgan YTH natijasida ogʻir tan jarohati olib, shu joyning oʻzida vafot etgan.

Olib borilgan tezkor choralar davomida piyodani urib ketib, unga birinchi yordam koʻrsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan haydovchining shaxsi aniqlangan. 56 yoshli haydovchi “Lada Samara” rusumli avtomobilida eʼtiborsizligi tufayli yoʻlning qatnov qismida mast holda yotgan piyodani koʻrmasdan bosib ketgan.

Viloyat IIB boshligʻi Ilhom Soipovning maʼlumot berishicha, hodisaga mazkur yoʻlda ajratuvchi chiziqlarning chizilmagan va tunggi yoritish chiroqlarining yoʻqligi ham sabab boʻlgan.

Holat yuzasidan JKning 266-modda (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi hamda 117-modda (xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling