AQShda politsiya ulardan yordam so'ragan yigitni otib o'ldirdi — video (18+)

Aytilishicha, bu vaqtda yigit mast bo'lmagan va hech qanday giyohvand moddalari iste'mol qilmagan

AQShning Kolorado shtatida politsiya mashinada tiqilib qolgani uchun ularni yordamga chaqirgan yigitni otib o'ldirdi. Bu haqda Baza xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 22 yoshli Kristian Glass yo'l chetida qolib ketgan. U yordam so'rab 911 xizmatiga murojaat qilishga qaror qilgan. Shuningdek, u mashinada ikkita pichoq va bolg'a borligini aytgan.

Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari yigitdan mashinadan tushishni talab qilgan. Biroq, u bu vaqtda vahima hurujiga uchragan.

Huquq-tartibot xodimlarining ta'kidlashicha, ular bir soat davomida uni mashinadan tushirishga uringan. Ammo, yigit bunga ko'nmagan. Shundan keyin politsiyachilar mashina oynasini sindirishga majbur bo'lgan. Bu orada Kristian ularga pichoq bilan tahdid qilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, ularga qilingan tahdid sababli politsiya xodimlari unga o'q uzishgan va yigit voqea joyida vafot etgan.

Politsiyachilarning ta'kidlashicha, yigit ularga hujum qilgani sabab ular o'q uzishga majbur bo'lgan. Lekin, kamera yozuvlari buni rad etmoqda.

Ma'lum qilinishicha, bu vaqtda yigit mast bo'lmagan, giyohvand moddalari iste'mol qilmagan.

Uning oilasi sud orqali adolat qaror topishidan umid qilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling