Andijonda transformator portlab ketishi oqibatida 400 ga yaqin xonadon elektr tokisiz qoldi — video

Tez fursatda elektr ta'minoti qayta tiklanishi aytilgan

Videodan kadr

Videodan kadr

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar 2-kichik dahada transformator punktida yongʻin kelib chiqqani haqida video tarqaldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” viloyat hududiy filiali Matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, Andijon shahar elektr taʼminoti korxonasi tezkor chiqish brigadasi tomonidan 110/35/6 kV “Yayilma” PSdagi 6 kV “Yuldosh” fideridan chiquvchi 2-kichik dahada joylashgan 155-sonli transformator punktida nosozlik yuzaga kelgan.

25-dekabr kuni soat 20:50 da nosoz transformator oʻrniga zaxiradagi transformator punktiga almashtirilib ishga tushirilayotgan vaqtda transformatorning 0,4 kV tomonidagi ajratkichda qisqa tutashuv yuz bergan.

Buning natijasida 6 ta koʻp qavatli uyda yashovchi 380 ga yaqin aholi elektr taʼminotidan uzilgan.

“Hozirda tezkor chiqish ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinmoqda. Tez fursat ichida ushbu hududda yashovchi aholi xonadonlarini elektr taʼminoti toʻliq tiklanadi”, - deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling