Transport vaziri Ilhom Maxkamov prezident topshirigʻidan soʻng har hafta kamida 4 kun uydan ishga borishda yoki ishdan uyga borishda jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari Abdujamil Azizov videomurojaatda maʼlum qildi.
“Albatta, transport vaziri jamoat transportidan foydalanib turadi. Prezidentning oxirgi topshiriqlaridan keyin haftasiga 4 kun yo ishga, yo ishdan keyin jamoat transportidan foydalanayotganlarini bilaman”, — deydi u.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar vazirining metroda ketayotgani aks etgan video tarqalgan.
Shuningdek, 19-dekabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimligi matbuot xizmati tuman hokimi Farxod Abdullayevning jamoat transportida yaratilgan qulaylik va kamchiliklarni oʻrganayotgan suratlarini eʼlon qildi.
Shu bilan birga, 19-dekabr kuni Milliy gvardiya qoʻmondoni Rustam Joʻrayev ham jamoat transporti faoliyati bilan tanishayotgani aks etgan xabarlar tarqaldi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling