Foto: Yandex
Yoshlar ishlari agentligi direktori va Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining raisi Alisher Sa'dullayevga Twitter tarmog'idagi foydalanuvchilar Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonani 24 soat ishlash tizimiga o'tishini so'rab, murojaat bilan chiqishdi.
O'zbekistonlik Twitter foydalanuvchilari Yoshlar ishlari agentligi direktoridan Toshkent shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona ish vaqtini 24 soat qilib berishni va dam olish kunlari ham uzliksiz ishlashini ta'minlab berishini so'radi.
Alisher Sa'dullayev bunga javoban, bunday tizimda ishlaydigan kutubxona allaqachon mavjudligini, biroq aksariyat kitobxonlar kechki soat 23:00 dan so'ng kutubxonani tark etayotganini aytib o'tgan.
Ushbu kutubxona foydalanuvchilari kutubxona pullik ekanligini, kitoblar yetishmasligini va internet tarmog'i sekin ishlashidan norozi ekanliklarini bildirgan.
Shundan so'ng Alisher Sa'dullayev o'zining Instagram sahifasida "Milliy kutubxonani 24 soat ishlaydigan qilish o'zini oqlaydimi yoki yo'q?", degan savol bilan foydalanuvchilarga murojaat qilgan. Foydalanuvchilarning ko'pchiligi ushbu taklifni qo'llab quvvatlagan.
Shundan so'ng, Alisher Sa'dullayev kutubxona rahbariyati bilan bog'langanini va tez kunlarda Milliy kutubxona 24 soatli ish tizimiga o'tishini ma'lum qildi.
Bloger Nurbek Alimov esa kutubxonaning 24 soat ishlashiga o'z fikrini bildirdi: " Kutubxonani 24 soat ishlashi g'alati emasmi? Xo'p ertalabgacha kitob o'qib chiqadigan uch kishi bordir, ertasiga o'qishga kim boradi?"
Ba'zi Twitter foydalanuvchilari hazil tariqasida boshpanasiz qolib ketishsa, kutubxonaga borishlarini aytmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling