Foto: Kun.uz
Qoraqalpogʻistonda 18 yoshli yigit oʻzganing kartasidan operatsiya uchun yigʻilgan jami 6,3 mln soʻm pullarni oʻzlashtirgani aytilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Nukus shahrida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida nabirasining operatsiyasiga yordam soʻrab “Muhtoj insonlarga yordam” guruhida bank kartasi va telefon raqamlarini joylashtirgan.
Shundan soʻng, nomaʼlum shaxs unga qoʻngʻiroq qilib, katta miqdorda pul oʻtkazib berishni vaʼda qilgan. Nomaʼlum shaxs uning ishonchiga kirib telefon raqamiga kelgan SMS xabarnomani qoʻlga kiritib, jami 6,3 mln soʻm pulni oʻzlashtirgan. Fuqaro unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻrab IIBga murojaat qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yoʻli bilan pullarni oʻzlashtirgan shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan bir necha marotaba sudlangan Ellikqalʼa tumanida yashovchi 18 yoshli fuqaro ekanligi aniqlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (axborot tizimida, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling