Sirdaryoda fuqarolarning 23 ming dollarini aldov yo'li bilan qo'lga kiritgani aytilayotgan rahbar aniqlandi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Prokuratura Departamenti<br>

Foto: Prokuratura Departamenti

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida fuqarolarning 23 ming dollar pullarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aytilayotgan MCHJ rahbari aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boyovut tuman boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida “I.W” MCHJ rahbari fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning mablagʻlarini goʻyoki investitsiya koʻrinishida oʻzining faoliyatiga jalb etgani aniqlangan.

Shuningdek, fuqarolarga ushbu mablagʻlari evaziga har oy 10 foiz miqdorida ustama toʻlovlari toʻlab berishni vaʼda qilib, toʻrt nafar fuqaroning jami 23 ming dollar miqdordagi pullarini qoʻlga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi (pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling