Foto: Repost.uz
Samarqand viloyatidagi banklardan birining yuristi pora bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻlimi hamda prokuratura xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida Samarqand viloyatdagi banklarning birida boʻlim yuristi lavozimida ishlovchi, oqdaryolik 42 yoshli fuqaro bank bilan mijozlar oʻrtasidagi muammoli vaziyatlarda ishni fuqarolar foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga ulardan katta miqdordagi pul mablagʻlarini olib kelganligi aniqlangan.
Xususan, u mahalliy fuqaroning kredit masalalari boʻyicha davlat boji va sud ishini hal qilib berish evaziga 3000 dollarni pora sifatida talab qilib, 1050 dollarini oldindan olgani maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng, u kelishilgan puldan qolgan 1950 dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling