Foto: BBC
Tolibon barcha afgʻon ayollarini universitet va oliy oʻquv yurtlarida oʻqishini taqiqladi. Bu haqda “BBC” mamlakat oliy taʼlim vazirining bergan maʼlumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Vazirining maʼlum qilishicha, bu qaror keyingi ogohlantirishgacha davom etadi. Qayd etilishicha, ushbu qaror darhol kuchga kirishi kutilmoqda. Bu ayollarning rasmiy taʼlim olish imkoniyatini yanada cheklaydi, jumladan ular oʻrta maktabda taʼlim olishdan chetlashtirilgan.
Xabarga koʻra, uch oy oldin Afgʻoniston boʻylab minglab qizlar va ayollar universitetga kirish imtihonlarida qatnashgan. Ammo ular oʻrganishi mumkin boʻlgan fanlarga keskin cheklovlar qoʻyilgan. Xususan, veterinariya, muhandislik, iqtisod, qishloq xoʻjaligi hamda jurnalistika sohasi taqiqlangan.
Bundan tashqari, Tolibon 2021-yil hokimiyat tepasiga kelgach, universitetlarda jinsga qarab alohida sinf xonalari va kirish eshiklarini joriy qildi. Shu bilan birga, ayol talabalarga faqat ayol professorlar yoki qariyalar dars berishi mumkin qilib belgilandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling