Toshkentda MIB sakkiz oyda jami 1,3 trln so'mlik qarzdorliklarni undirgan

Soliq qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjatiga asosan, qarzdorga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilgan

Foto: Bosh prokuratura

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan so'nggi sakkiz oyda 1,3 trln so'm qarzdorlik undirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2022-yilning sakkiz oyida ish yurituvidagi 41 mingdan ortiq 3,2 trillion soʻmlik ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorlarning mol-mulklarini realizatsiya qilish, undiruvni ularning debitorlik qarzdorlariga qaratish chorasida ijro harakatlari olib borilgan. Natijada 10 mingdan ortiq ijro hujjatlari boʻyicha 1,3 trillion soʻm mablagʻlar undirilishi taʼminlangan.

“Hozirda qoldiq ijro hujjatlarining ijrosini taʼminlash maqsadida, qarzdorlarning bankdagi barcha hisob raqamlariga band solinib, oʻz muddatida toʻlanmagan soliq qarzdorliklarini undirish choralari koʻrilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Boshqarmaning Yashnobod tumani bo‘limi ish yurituvida xo‘jalik yurituvchi sub’yektdan davlat foydasiga jami 1,3 milliard so‘m soliq qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjatiga asosan, qarzdorga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilib, unga tegishli barcha valyuta, maxsus blok va ikkilamchi hisob varaqlari, barcha ko‘char va ko‘chmas mol-mulklari aniqlanib, band solingan.

Shundan so‘ng qarzdor tomonidan jami qarzdorlik bartaraf qilingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling