Foto: Senat.uz
Samarqandda MDH Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Oʻtkazilgan yigʻilish davomida Valentina Matviyenko bir ovozdan MDH davlatlari parlamentlararo assambleyasi kengashi rahbari etib qayta saylandi.
Uchrashuvda oliy taʼlim va ilm-fan, turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Rossiya va Oʻzbekistonning qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish kesimida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishning holati va dolzarb vazifalari muhokama qilindi.
Majlis davomida Oʻzbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva “Rossiya bizning ustuvor strategik hamkorimiz va ishonchli ittifoqdoshimizdir”, - deya taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston-Rossiya koʻp qirrali munosabatlari, jumladan, xalqaro platformalarda – BMT, SHHT, MDH va boshqa davlatlarda jadal rivojlanmoqda.
“Biz parlamentlararo hamkorlikni Rossiya bilan davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi deb bilamiz. Ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ”Yoʻl xaritasi“ni ishlab chiqish zarur”, - dedi Norboyeva.
Shuningdek, Valentina Matviyenkoning taʼkidlashicha, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim va tarixiy voqeadir. Bu ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar boshqa sifat darajasiga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.
“Strategik kompleks hamkorlik” nafaqat iqtisodiy, balki gumanitar, madaniy, fuqarolik jamiyatlarimiz, yoshlarning aloqalari kabi koʻplab sohalarni qamrab oladi.
Bu yil jahon siyosatining markazi Oʻzbekistonga koʻchdi. Mamlakatda juda koʻp yuqori darajadagi yirik xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Bu Oʻzbekistonning xalqaro siyosatdagi roli oshib borayotganidan dalolat beradi", — deydi Rossiya Federasiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko.
Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiyaning sakkizinchi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling