Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovning xizmat avtomobilida YTH sodir etildi. Bu haqda "Daryo" xabar berdi.
"Viloyat hokimligi axborot xizmati voqea haqida batafsil ma’lumot berishini bildirgan. Shu bois biz bu haqda axborot bermadik. Hozir ham sizga voqea tafsilotlarini ochiqlay olmayman", — deb aytgan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Erkin Sattorov.
Shuningdek, Erkin Sattorov YTH bugun sodir etilganini inkor etib, voqea ikki-uch kun avval bo‘lganini aytgan. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari jurnalistning “YTHda odam o‘limi qayd etilmaganmi?”, degan savoliga, “yo‘q” deya javob bergan.
Shavkat Abdurazzoqovning matbuot kotibi Farhod Mamadaliyev YTHda yo‘lovchiga zarar yetmaganini, ayni paytda u soppa-sog‘ ekanini ma'lum qilgan.
"Holatdan batafsil xabarim yo‘q. Voqea viloyatning Uychi tumani yo‘lida sodir bo‘lgan. Menga berilgan ma’lumotga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchiga sekin urilgan. Shu zahoti haydovchi uni shifoxonaga olib borgan va to‘liq tekshiruvdan o‘tkazgan. Yo‘lovchida hech qanday sinish, chiqish kabi jarohatlar kuzatilmagan. Ayni paytda uning ahvoli yaxshi", — deydi viloyat hokimining matbuot kotibi.
Yo‘lovchining yoshi, voqea sodir bo‘lgan kun hamda vaqt borasidagi ma'lumotlar ochiqlanmagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling