Foto: Instagram
“Asalhoney” nomi bilan tanilgan insta-bloger Asal Xo‘jayevaning qotili 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
Bugun, 2022-yil 9-avgust kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchi K.Sh. (1997-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud raisi T. Obidov hukmni e’lon qildi.
Unga ko'ra, K.Sh. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “i” bandi va 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishi bo‘yicha “Ipak Yo‘li” OAITB Chilonzor filialida saqlanayotgan 10 269 000 so‘m jabrlanuvchining qonuniy vakiliga qaytarilishi va sudlanuvchidan qonuniy vakil foydasiga 20 849 899 so‘m qoplanmagan zarar undirilishi belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, 18-mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Magtimguli koʻchasi boʻyidagi uydan bloger Asal Xo'jayevaning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan edi.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra o'lim qorin bo'shlig'i va bo'yinning chap tomonidagi pichoq jarohati, yopiq kranioserebral shikastlanish va miyaning yumshoq to'qimalariga qon quyilishi natijasida sodir bo'lgan .
Qotillik sodir etilgan joy sud-tibbiyot-texnik vositalar yordamida ko‘zdan kechirilgan. Ashyoviy dalil sifatida qon namunalari, kiyim-kechak, barmoq izlari, noutbuk, fleshka, to‘rtta uyali telefon va to‘rtta bank plastik kartasi olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling