Qirolicha Yelizaveta II 96 yoshda vafot etdi

Britaniya taxti qonuniy ravishda 74 yoshli shahzoda Charlzga o‘tadi

<br>


Buyuk Britaniya rasmiylarining bergan maʼlumotlariga ko‘ra, qirolicha Yelizaveta II 8-sentyabr kuni 96 yoshida vafot etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, qirolicha shu kunga qadar Shotlandiyadagi Balmoral qasrida bo‘lib, bugun uning ahvoli og‘irlashgani va shifokorlar nazoratiga olingan edi.

Ma’lum qilinishicha, 8-sentyabr kuni ertalab oʻtkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlardan so‘ng shifokorlar uning sog‘lig‘idan tashvishda ekanini aytishgan.

Bukingem saroyi ma’lumotlariga ko‘ra, qirolicha bugun tushdan keyin Balmoralda 96 yoshida xotirjamlikda vafot etgan. Qirolichaning vafoti munosabati bilan saroyda Britaniya bayrog‘i tushirilgan. Mamlakatda 12 kunlik motam e’lon qilingan.

Hozirda qirolichaning yaqin qarindoshlari Balmoral qasriga to‘plana boshlagan. Hatto qirollik oilasini tark etgan shahzoda Garri ham rafiqasi Megan Markl bilan Shotlandiyaga yo‘l olgan.

BMT bosh kotibi qirolichaning vafoti munosabati bilan Britaniya xalqiga hamdardlik bildirgan.

Qayd etilishicha, Britaniya taxti qonuniy ravishda 74 yoshli shahzoda Charlzga o‘tadi.

Maʼlumot uchun, qirolichaning 4 nafar farzandi, 8 nafar nabirasi va 12 nafar evarasi bor.

Yelizaveta II 1926-yil 21-aprel kuni tug‘ilgan. U 1953-yilda taxtga o‘tirgan va hozir tojni eng ko‘p vaqt o‘zida saqlab turgan monarx hisoblanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling