O'zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi?

Respublikaning shimoliy hududlarida havo harorati -13...-15 darajagacha sovuq boʻlishi kutilmoqda

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Oʻzbekiston hududlarida hafta davomida sovuq havo saqlanib qoladi. Bu haqda Respublika Gidrometeorologiya xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 5-dekabr kuni respublika hududlari boʻylab vaqti-vaqti bilan, togʻ oldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda kuchli qor yogʻadi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi. Havo harorati kunduzi -3 daraja sovuq +2 daraja iliq, shimolda -4...-9 daraja sovuq boʻladi.

6-dekabr kuni faqat respublikaning sharqiy hududlarida beqaror ob-havo saqlanib turadi. Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, togʻ oldi va togʻli hududlarda kechasi va kunning birinchi yarmida qor yogʻadi. Havo harorati kechasi -5...-10 daraja sovuq, kunduzi -3 daraja sovuq +2 daraja iliq, respublikaning shimoliy hududlarida kechasi -13...-15 darajagacha sovuq, baʼzi joylarda -20 darajagacha sovuq, kunduzi -4...-9 daraja sovuq atrofida boʻladi.

Maʼlum qilinishicha, ish haftasining oxirigacha Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat respublikaning janubi-sharqiy hududlarida, asosan togʻ oldi va togʻli hududlarda 7-8-dekabr kunlari baʼzi joylarda biroz qor yogʻishi mumkin.

Havo harorati kechalari -3...-8 daraja sovuqni, baʼzi joylarda -10 darajagacha sovuqni, kunduz kunlari -3 daraja sovuq +2 daraja iliqni, respublikaning shimoliy hududlarida kechasi -8...-13 darajagacha sovuqni, baʼzi joylarda -15...-20 darajagacha sovuqni, kunduz kunlari -2...-7 daraja sovuqni tashkil etadi.

Shuningdek, respublikaning baʼzi joylarida tuman tushishi, yoʻllarda yaxmalak hodisalari kuzatilishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling