"Jazo qonuniy bo‘lishi mumkin, lekin adolatli bo‘lmasligi mumkin" — Jamoatchilik faollari metropolitenda qilgan hazili sababli 5 sutkaga qamalgan qizning ishi haqida

Repost.uz ushbu fikr-mulohazalarni bitta maqolaga jamladi

Foto: IIV matbuot xizmati<br>

Foto: IIV matbuot xizmati

Toshkent metropolitenining "Alisher Navoiy" bekatida 19 yoshli qiz avtomatik o‘tkazish punktining birinchi vestibyulida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Xodim qizdan uning sumkani ko‘rishni so‘raganida, u sumkasida bomba borligini aytgan.

Shundan so‘ng voqea joyiga IIV Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Qizning sumkasidan tekshiruv chog'ida hech qanday portlovci modda aniqlanmagan. Xodimlar qizdan nima uchun sumkasida bomba bor deb aytganini so‘raganida, qiz kayfiyati yaxshiligini va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan.

Keyinroq aniqlik kiritilishicha, Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarori bilan 19 yoshli qiz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 199-moddasi (maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sodir bo'lgan ushbu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Hatto ba'zi blogerlar o'zlarining Telegram kanallarida talabalik vaqtlarini va metro bilan bog'liq hotiralarni eslab, turli postlar qoldirgan. Repost.uz ushbu munosabatlarni ayrimlarini bir maqolaga jamladi.

"Mikrofon ko'targan ayol" kanalining muallifi Aziza Qurbonova qizga nisbatan belgilangan jazo kimlargadir ibrat bo'lishi uchun qo'llanilgan bo'lishi mumkinligi haqida yozgan.

"Ochig‘i, nimadir deyishga hayronman. Albatta, xavfsizlik jiddiy masala. Balki hazillashuvchilar ko‘payib ketmasligi uchun ibrat ko‘rsatmoqchi bo‘lishgandir. Kim bilsin. Qandaydir shu yerda jazo qonuniy bo‘lishi mumkin, lekin adolatli bo‘lmasligi mumkin degan gapni xulosa qilgim keldi", — deydi u o'zining sahifasida.

Bloger Nurbek Alimov esa o'zining shaxsiy sahifasida qizga rahmi kelayotgani, biroq, u qilgan hazil juda qo'pol ekanligini ta'kidlagan.

"To‘g‘risi nima deyishga ham hayronman, bir tomondan hazil uchun bu qizni 5 sutka qamoqda o‘tirishini o‘ylab unga rahmimam kelyapti, lekin ikkinchi tomondan hazili o‘tta darajada qo‘pol bo‘lgan... Oqibatlari yomon bo‘lishi mumkin edi. Qonun barchaga barobar albatta", — deb yozgan bloger.

Kanadada yashovchi "Zambarakning o'qi" Telegram kanali asoschisi Farhod Fayzullayev o'zining shaxsiy sahifasida metropolitenda sumkalarni, blogpostlarda esa mashina bagajlarini tekshirishni qoralagan.

"Metroda sumkani, blokpostlarda mashina bagajnigini tekshirish kulguli teatrdan boshqa narsa emas. Qizni oborib qamashganiyam — odamlarni qo‘rqitish uchun. Yo‘q muammoni hal qilish uchun o‘n minglab milisionerlarni ishga olish uchun bir bahona. O‘o'o'v tepadagilarga “mana, bizning keragimiz bor” deb qo‘yish uchun", — deb yozgan Farhod Fayzullayev.

Shuningdek, u "Sumka tekshirilmasayam, hujjat ko‘rsatilmasayam, hayot davom etaveradi. Hammayoq portlab ketmaydi. Biz o‘zimizga erkinlik talab qilishimiz kerak, ustimizdan nazoratni emas", — deya ta'kidlagan.

Yana bir Telegram kanalining muallifi Dilroz Abrayeva esa birgina hazil uchun 5 sutka qamoq jazosi ko'plik qiladi degan fikrda.

"5 sutka ko‘p. “Suhbat o‘tkazildi, tushuntirildi, xatosini angladi, uzr so‘radi”, degan yakun yaxshi edi, albatta", — deb hulosa qilgan u o'zining telegram kanalida.

Telegramdagi "Soliyev" kanali muallifi esa bir necha yillar avval u do'sti bilan qilmoqchi bo'lgan lekin amalda qo'llay olmagan hazilni 19 yoshli qiz amalga oshirgani, ammo qiz xavfsizlik masalasida xazilni tushunmasligini aytgan.

"Huddi o‘sha biz o‘ylab ko‘rgan, biroq amalda qo‘llamagan gapni 19 yoshli bir qiz aytibdi va 5 sutkaga qamalibdi. Yolg‘on axborot berishda ayblangan holda. To‘g‘ri, u shunchaki sarkazm qilgan, lekin davlat, ayniqsa, xavfsizlik masalasida hazilni tushunmas ekan", — deydi u o'zining Telegram kanalida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling