Toshkentda o'zi ijarada turgan uy egasini o'ldirgan ayolga sud hukmi o'qildi

Marhum ayblanuvchining shar'iy nikohidagi turmush o'rtog'ining tanishi bo'lgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Toshkentda bir necha yillardan buyon o'zi ijarada yashab kelgan uy egasini o'ldirgan ayolga sud hukmi o'qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, doimiy yashash joyiga ega bo'lmagan ayol, bir necha yillar davomida marhumning uyida yashab kelgan. Aniqlanishicha, marhum ayblanuvchining shar'iy nikohidagi turmush o'rtog'ining tanishi bo'lgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-may kuni soat 22:30 larda o'ziga tanish bo'lgan ayol sudlanuvchining farzandlarini olib qo'shni xonaga uxlashga kirishgan. Sudlanuvchi ayol jabrlanuvchi erkak bilan yolg‘iz qolib spirtli ichimlik ustida o‘zaro tortishib qolishadi. Janjal natijasida mast holatda bo‘lgan ayol jabrlanuvchi karovatida mast holatda yotganidan foydalanib, uni oshxona pichog‘i bilan pichoqlagan.

Shundan so'ng, jabrlanuvchining nafas olmayotganiga ishonch hosil qilgach, sudlanuvchi ayol ko‘chaga chiqadi va oshxona pichog‘ini uy yaqinidagi jarlikka uloqtirgan.

Xabarga ko'ra, taxminan 30-40 daqiqalardan so‘ng sudlanuvchi ijara uyda bo‘lgan tanish ayolni uyg‘otgan va u sudlanuvchining farzandlari bilan uydan chiqib ketishgan.

Oradan ko'p o'tmay ayblanuvchi huquq-tartibot idoralari hodimlari tomonidan qo'lga olingan.

Sud hukmiga ko'ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qism "v" bandi (qasddan odam o'ldirish) bilan aybdor deb topilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyada o'tash belgilangan.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 96-moddasiga binoan jazoni o‘tash joyida alkogolizmdan majburiy davolash, shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchining vakili foydasiga 3.5 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling