Farg'onada uch kunlik kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi

Mutaxassis tomonidan xonadonda mavjud boʻlgan isitish moslamasi nostandart holatda oʻrnatilganligi haqida xulosa berilgan

Foto: Ozodlik radiosi<br>

Foto: Ozodlik radiosi

Fargʻona viloyati Buvayda tumanida yosh kelin-kuyov toʻydan uch kun oʻtib is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Repost.uz”ga maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 24-noyabr kuni soat 08:30 larda Buvayda tumani prokuraturasiga Buvayda tumani, Oʻrta Qoʻngʻirot MFY, Qoʻruvchilar koʻchasi, 41-uyda istiqomat qilgan fuqaro va uning turmush oʻrtogʻi is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida maʼlumot kelib tushgan.

Yongʻinga qarshi kurash jamiyati tuman hududiy boʻlimi texnik xavfsizligi muhandisining xulosasiga koʻra, mazkur isitish moslamasi yoqilgan holda boʻlgan. Uning dud buroni nostandart holatda tashqariga chiqarilganligi natijasida gaz toʻliq yonmasdan, is gazi nazoratsiz holatda xona ichkarisiga tarqalishiga sababchi boʻlgan.

Xabarga koʻra, voqea toʻydan uch kun oʻtib yuz bergan. Maʼlumotlarga koʻra, kuyovning yoshi 23 da, kelinning yoshi esa 17 da boʻlgan.

Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling