Farg'ona viloyatida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi

Mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda “Repost.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Uchkoʻprik tumani IIB navbatchilik qismidan 21-dekabr kuni soat 08:30 larda berilgan xabarga koʻra, tumanning, “Chorbogʻ” MFY, Yuksalish koʻchasidagi uyda yashagan 45 yoshli fuqaro va uning 27 yoshli turmush oʻrtogʻi yashash xonadonida is gazidan zaharlanib, hodisa joyida vafot etgan.

Koʻzdan kechirish davomida, yashash xonadonining yonma-yon joylashgan yotoqxonasi va yuvinish xonasiga qoʻlbola usulda yasalgan, temirdan ishlangan pechka oʻrnatilganligi maʼlum boʻlgan.

Xabarga koʻra, pechka shlang orqali propan gaz baloniga ulanib, isitish uchun moslanganligi, hodisa sodir boʻlgan kuni xonadonda gaz toʻliq yonmasdan, is gazi ajralib chiqqanligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling