Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchilarga kitob tarqatish uchun ularni otayotgani aks etgan video tarqaldi. Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati ma’lumot berishicha, kitoblarni otgan o‘qituvchi ishdan olingan.
Qayd etilishicha, Nurobod tumandagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinf rahbari Shohida G‘afforova maktab darsliklari va mashq daftarlarini o‘quvchilariga qo‘pol tarzda, o‘qituvchi etikasi va odob-axloq qoidalariga zid ravishda, sinfdan tashqari holatda tarqatgan deb topilgan.
«O‘qituvchiga xos bo‘lmagan xislatda xatti-harakat qilganligi sababli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-d sinf rahbari Shohida G‘afforova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, maktab darsliklari va mashq daftarlari tarqatilishini nazoratga olmagani va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani sabab maktab direktori ham egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling