O‘zbekistonda yillik qon ishlab chiqarish hajmi 150 ming litrga yetkaziladi — SSV

2026-yil 1-yanvarga qadar yillik donatsiyalar soni 350 mingtaga yetkaziladi.

O‘zbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan qon hajmi 150 ming litrga yetkaziladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvarga qadar yillik donatsiyalar soni 350 mingtaga, har ming aholiga donatsiyalar ko‘rsatkichi 10 taga, qon tayyorlashda mobil sayyor guruhlar ulushi 50 foizga yetkaziladi.

Qon bilan ishlash xizmati muassasalari tomonidan bir yilda ishlab chiqariladigan qon hajmi 150 ming litrga, eritrotsitlar massasi 75 ming litrga, plazma hajmi 60 ming litrga, albumin hajmi 1000 litrga, immunoglobulin hajmi 2 ming dozaga yetkaziladi.

Ta'kidlanishicha, yetarli hajmda qon komponentlari zaxirasini yaratish maqsadida qon bilan ishlash xizmati muassasalari zarur miqdordagi gemokonteynerlar bilan ta’minlanadi va ularning markazlashgan xaridini tashkil qiladi. Bunda 2023-yilda jami xarid qilingan gemokonteynerlarning 50 foizini, 2024-yilda 75 foizini va 2025-yilda 100 foizini leykofiltrli gemokonteynerlar tashkil etadi.

Qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar 2022-yilda O‘zbekiston budjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2023-yildan boshlab esa davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling