To'rtta hududda 7 mlrd so'm kredit mablag'lari talon-taroj qilingani aniqlandi

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan choralar koʻrilmoqda

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida mansabdor shaxslar tomonidan 7 mlrd soʻm kredit mablagʻlari talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha bir qancha holatlar aniqlangan.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida “B.S” MCHJ mansabdor shaxslari hududiy tijorat banki filialidan chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablagʻlarining 3,3 mlrd soʻmini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi maʼlum boʻlgan.

Shu kabi, Departamentning Hazorasp tuman boʻlimi tomonidan hududiy tijorat banki filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruvlar oʻtkazilgan. Olib borilgan tekshiruvlar davomida “Sh.A” va “H.M” MCHJlar masʼul shaxslari va boshqalar oʻzaro til biliktirib, parranda va ozuqa yemi sotib olish uchun “Sh.A” MCHJga ajratilgan 2 mlrd soʻm kreditni “H.M” MCHJga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olib talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Pop tumani oʻtkazilgan tekshiruvlari davomida, “S.S.” MCHJ rahbari va ish yurituvchisi hududiy tijorat banki filialidan MCHJga ayollar goʻzallik saloni va fitnes sport toʻgaragini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kredit evaziga harid qilingan sport anjomlari va jihozlarini sotib yubgani aniqlangan. Shu bilan birga, jami 1,2 mlrd soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari maʼlum boʻlgan.

Departamentning Gʻuzor tumanida olib borgan teshiruv tadbirlarida, fuqaro oʻzining yaqin qarindoshi nomidan “N.S.” dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatidan oʻtkazgani maʼlum boʻlgan. Shuningdek, u chorva mollarini koʻpaytirish va yilqichilik faoliyatini amalga oshirish, zotdor otlar sotib olish hamda koʻpaytirish uchun bank filialidan ajratilgan 700 mln imtiyozli kredit mablagʻini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkzilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling