“Qo‘yliq” bozori hududining bir qismini reorganizatsiya qilish va obodonlashtirish ishlari qayta tiklandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hozirda bozor yana-da tartibli holga keltirilgan — tadbirkorlar uchun joylar yaratildi va hududdagi ishlar faol davom etmoqda.
Barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, shu bilan birga, savdo faoliyati to‘xtatilmagan.
"Bozor yopilmayapti, balki uning faoliyati optimallashtirilmoqda — tartib o‘rnatish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani yangilash va umumiy xavfsizlik darajasini oshirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, kelgusida joriy etiladigan raqamlashtirilgan tizim soliq to‘lovlarining shaffofligini ta‘minlash imkoniyatini yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, yashirin iqtisodiyotning bozordagi ta‘sirini kamaytirishga yordam beradi.
Afsuski, o‘zgarishlar boshlanishidan oldin bozor hududida ko‘plab muammolar to‘planib qolgan edi, bu haqda fuqarolarning murojaatlari ham guvohlik beradi. Ular orasida — jinoyatchilik xavfi, eskirgan kommunikatsiyalar sababli yuzaga kelgan mayda yong‘inlar, sanitariya me‘yorlarining buzilishi, shuningdek, qulaylik va odamlar salomatligiga xavf soluvchi tartibsiz savdo holatlari mavjud edi", – deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu bois bozor xalqaro va zamonaviy shahar standartlariga mos holga keltirilmoqda.
"Ishonamizki, barcha ishlar yakunlangach, bu hudud tadbirkorlar hamda tashrif buyuruvchilar uchun yana-da qulay, xavfsiz va shinam makonga aylanadi", – deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.