Batumidagi ko'p qavatli uyning yuqori qavatida restoranda yong'in sodir bo'ldi

Yongʻin oqibatida restoranning ikkinchi qavati butunlay yonib ketgan

18-dekabr kuni Gruziyaning Batumi shahrida joylashgan VOX turar-joy majmuasidagi koʻp qavatli uyning yuqori qavatida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda “ren.tv” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, binoning yongʻin sodir boʻlgan qavatida restoran joylashgan boʻlib, qayta taʼmirlanayotgani uchun vaqtincha faoliyat koʻrsatmayotgan edi.

Xabarga koʻra, restoran binoning ikki qavatini egallagan boʻlib, uning ikkinchi qavati butunlay yonib ketgan. Kuchli shamol tufayli yongʻinning xonadonlarga ham tarqab ketishi xavfi yuqori boʻlgani sababli binodan 250 ta oila evakuatsiya qilingan.

Batumi meri Archil Chikovanining soʻzlariga koʻra, halok boʻlganlar va jarohatlanganlar haqida hozircha maʼlumot yoʻq.

Shuningdek, binoning vayron boʻlgan qismlari qulab tushishi xavfi tufayli majmuaga barcha kirish yoʻllari toʻsib qoʻyilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling