Zaporojye yaqinida tinch aholidan iborat gumanitar karvonning o‘qqa tutilishi oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi, yana 28 kishi jarohatlandi.
Ukrainaning Zaporojye viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Staruxning ma’lum qilishicha, 30-sentabr kuni ertalab rus harbiylari avtomobillar karvoniga raketa hujumi uyushtirgan.
Alexsandr Staruxa telegram kanalida yozishicha, bu vaqtda odamlar o‘z qarindoshlarini olib ketish yoki ularga yordam ko‘rsatish uchun vaqtincha bosib olingan hududga kirishda navbat kutib turgan edi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, Zaporojyega jami 16 ta raketa uchirilgan.
O‘z navbatida, Zaporojye viloyatining okkupatsion hukumati vakili Vladimir Rogov “terrorchilik harakati” Ukraina harbiylari tomonidan sodir etilganini da’vo qilmoqda.
"Aholining ommaviy ravishda Zaporojye viloyatining ozod qilingan qismiga qanday ketayotganini ko‘rib, ular viloyatning o‘zlari nazorat qilayotgan qismini tark etish uchun Orexovskaya shossesidagi bozor hududida navbatda turgan o‘nlab fuqarolik avtomobillari bo‘lgan karvonni o'qqa tutishdi", — deydi u.
Rogovning soʻzlariga koʻra, yaradorlar soni 34 kishiga yetgan.
Ukrainaning Zaporojye viloyati hukumati 1-oktyabrni gumanitar karvonning o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lgan 23 kishi xotirasiga motam kuni deb e’lon qildi.
Zaporojye viloyati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri qisman bosib olingan. Zaporojye shahri Ukraina armiyasi nazorati ostida qolmoqda.
23—27-sentabr kunlari Zaporojye viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, o‘zini o‘zi respublika e’lon qilgan DXR va LXR hamda Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar” o‘tkazildi. 28-sentabr kuni ertalab Donbass saylov komissiyalari ovozlarning 100 foizi ko‘rib chiqilganidan keyin referendumlar natijalarini e’lon qildi. Ularning aytishicha, LXR saylovchilarining 98,42 foizi, DXR elektoratining 99,23 foizi, Zaporojye va Xerson viloyatlari bosib olingan hududlari aholisining esa tegishli ravishda 93,1 foizi va 87,05 foizi Rossiya tarkibiga qo‘shilishni yoqlab ovoz bergan.
30-sentabrga o‘tar kechasi Vladimir Putin Ukrainaning Xerson va Zaporojye viloyatlarining “davlat suvereniteti va mustaqilligini tan olish” haqidagi farmonlarni imzoladi. Shu kuni Kremlda bosib olingan hududlar, shuningdek, DXR va LXRning “Rossiyaga qo‘shilishi” to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling