Poytaxt hokimligi Toshkentdagi bog'larning birida noturar binolar qurilishiga munosabat bildirdi

Maʻlum qilinishicha, hokim qarorining “yerni tadbirkorga ajratish” qismi oʻz kuchini yoʻqotgan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi bogʻlardan birining hududida noturar joy binolari qurilishi aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining maʼlumotiga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tumani, Zaytun, Oltintepa va Ravon koʻchalari oraligʻida joylashgan yashil hudud oʻrniga ofis va boshqa binolarning qurilishiga ruxsat berilmagan hamda loyiha hujjatlari tasdiqlanmagan.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-son farmoni bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Shuningdek, shahar hokimligi tomonidan koʻrsatilgan hududdagi daraxtlarning kesilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Xabarga koʻra, Yer kodeksining 36-moddasida qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil davomida foydalanilmasa, unga egalik qilish huquqi yohud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilangan.

Yaʼni videolavhada tilga olingan Toshkent shahar hokimining 2019-yil 12-fevraldagi qarorining “yerni tadbirkorga ajratish” qismi bir yil muqaddam oʻz kuchini yoʻqotgan.

Maʼlum qilinishicha, yuqorida koʻrsatilgan asoslarga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tumani, Zaytun, Oltintepa va Ravon koʻchalari oraligʻida joylashgan yashil hudud jamoat bogʻi sifatida saqlab qolinadi va uning oʻrnida qurilish ishlari olib borilmaydi.

“Toshkent shahrining yashil hududlarini saqlab qolishda beeʼtibor boʻlmagan faol fuqarolarimizga minnatdorchilik bildiramiz”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling