Foto: IIBB
Toshkent viloyatida xonadonida 17 kgdan ortiq marixuana saqlab kelayotgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Foto: IIBB
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hududida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida viloyat IIBB tomonidan hamkorlikdagi tashkilotlar bilan “Zarbdor” maxsus tezkor-profilaktika oyligi oʻtkazilmoqda.
Foto: IIBB
Maʼlum qilinishicha, tadbirning 14-noyabr kungi bosqichi davomida Piskent tumani IIB xodimlari tomonidan “Bahor” bogʻdorchilik-uzumchilik shirkati 6-koʻchasida yashovchi 43 yoshli fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Foto: IIBB
Tadbirda xonadonga quritish maqsadida saqlanayotgan, vazni 17 kg 250 gr boʻlgan marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Hozirda mazkur holat va boshqalari yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tadbirning oʻtgan davri mobaynida, giyohvandlik yoʻnalishi boʻyicha jami 135 ta jinoyat fosh etilib, natijada 100 ga yaqin shaxs ushlangan va ulardan 70 kg 551 gr giyohvandlik vositasi olingan.
Xabarga koʻra, yil boshidan giyohvandlikka chek qoʻyish borasida 1 186 holat fosh etilib, mingdan ortiq shaxslar javobgarlikka tortildi. Ular va ularning yashash xonadonlaridan jami 310 kg turli xil va koʻrinishdagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, muomalaga kiritilishining oldi olingan.
Avvalroq, Toshkent viloyatida vaqtinchalik yashash xonadonida salkam 15 kg gashish saqlab kelgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling