Akmal Saidov Hisob palatasi raisi o'rinbosariga: "Qayerda gapirayotganingizni biling, siz haqingizdagi qonunni ham shu yerda qabul qilganmiz" — video

Akmal Saidov Hisob palatasi raisi o'rinbosaridan, palata qonunan haqqi bo'lmagan ishlarga "burnini tiqmaslik"ni talab qildi

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov yalpi majlisda Hisob palatasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Jumanovga tanbeh berdi. Jumanov agar topshiriq boʻladigan boʻlsa, har qanday jamgʻarmani tekshira olishlarini aytgach, Saidov palatadan qonunan haqqi boʻlmagan ishlarga “burnini tiqmaslik”ni talab qildi. Maʼlumot uchun, qonunga koʻra, Hisob palatasi belgilangan tartibda tashkil etilgan byudjetdan boshqa jamgʻarmalarning xarajatlari samaradorligi va qonuniyligini auditdan oʻtkazish vakolatiga ega.

25-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Majlisda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisining o'rinbosari Alisher Hamroyev “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga o'z e'tirozini bildirdi.

Alisher Hamroyevning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi asosan audit hisoblanadi, mutaxassislar ishlaydigan iqtisodiy va moliyaviy xulosa beradigan tashkilot. Bu moddalarga kiritayotgan o'zgartirishlar sababli ular huquqni himoya qiluvchi organga aylanadi.

"Hujjatlardan ma'lum bo'ldiki, tashkilot o'ziga birinchi navbatda shtab birligini kengaytira boshladi, avval ularda 12-15 ta xodim ishlagan, hozir esa 70 dan oshib ketdi. Ikkinchidan bu ish bn biz bularga ma'muriy ish qo'zgatish, protokol tuzish, ko'rib chiqish masalasiniyam beyapmiz. Endi O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bizdan alohida jamg'arma qilib berishimizni so'rashyapti. Bu bilan oliy nazorat organi oddiy vazirlik yoki boshqa holatiga tushyapti, to'gri boshqa tashkilotlarda ham bor jamg'arma, byudjet kodeksida ham yozgan, lekin bular atiga 70 ta xodim, militsiya yoki FVV bo'lsa tushunsa bo'ladi, chunki ular butun boshli armiya", — deya e'tiroz bildirdi Alisher Hamroyev.

Alisher Hamroyev aytishicha, O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi jamg'arma tashkil qiladigan bo'lsa, jamg'armadagi pul qanday sarflanyapti, qayerga sarflanyapti, to'g'ri yoki noto'g'ri sarflanyaptimi buni kim tekshiradi? Agar jamg'arma tekshirilmasa u yerdagi davlat pullari taqdiri mavhum bo'lib qoladi.

Shuningdek, Alisher Hamroyev "O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi to'g'risidagi qonun"ning 4-moddasi 3-qismi(budjet tizimi budjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini oʻrganish hamda nazorat qilish)dagi "belgilangan" so'ziga o'z e'tirozini bildirib, Hisob palatasi xodimlariga savol berdi: "belgilangan" degan qismiga davlat mablag'lari jalb etilmagan jamg'armalar ham kiradimi?

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov Hisob palatasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Jumanovdan ushbu savolga munosabatini soʻradi.

“Biz budjet mablagʻlari ajratilgan jamgʻarmalarni tekshiramiz. Lekin topshiriq boʻladigan boʻlsa, hammasini tekshirishga haqqimiz bor. Topshiriqning esa bizga kim tomonidan berilishini juda yaxshi bilasiz”, — dedi Jumanov koʻrsatkich barmogʻi bilan yuqoriga ishora qilib.

Bunga javoban Akmal Saidov: “Topshiriq qonun asosida boʻladimi yoki...” deya soʻradi. Oʻtkir Jumanovdan qonun asosida degan javobni eshitgach, uning soʻzlarini toʻgʻriladi: “Shunday deng-da, qonun asosida beriladigan topshiriqni bajaramiz, deng”.

Akmal Saidov soʻzida davom etdi: “Sizlar nodavlat-notijorat tashkilotlar huzuridagi fondlarni ham tekshirasizlarmi? Masalan, parlament huzurida Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi bor. Ularni ham tekshirasizlarmi?”

“Agar topshiriq boʻlsa, ha”, dedi Jumanov.

“Qaysi asosda tekshirasizlar? Topshiriq... Toʻxtang! Bu yerda oʻtirgan 120ta deputat tushunmaydi deyapsizmi? Sizlar, nima, ertaga jamoat fondini ham tekshirasizlarmi? Nima demoqchi ekaningizni bilib turibman. Qonun boʻyicha ayting. Men boshida aytdim: Hisob palatasining vazifasi bitta – davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli foydalanilishini nazorat qilish. Undan boshqa hech narsaga burningizni tiqishga haqqingiz yoʻq.

Fuqarolik jamiyati vakillari yoki xususiy tashkilotlar jamgʻarma tashkil qilishi mumkin. Sizlar topshiriqni bajaramiz, deysizlar. Qonunni bilasizlarmi oʻzi? Qayerda gapirayotganingizni biling, oʻrningizni! Bu yerni Qonunchilik palatasi deb qoʻyibdi! Sizlar haqingizdagi qonunni ham mana shu yerda qabul qilganmiz”, dedi Saidov.

Alisher Hamroyev ushbu moddadagi "belgilangan" so'zi o'rniga "belgilangan tartibda tashkil etilgan, budjet mablag'lari jalb etilgan" degan jumlani qo'shishni taklif qildi va taklif deputatlar tomonidan qo'llab quvvatlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling