Shavkat Mirziyoyev sudlar faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qator ko'rsatmalar berdi

Prezident sudlarda raqobat muhitini yaratish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan

Foto: Prezident matbuot xizmati<br>

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev odil sudlovni taʼminlash sohasidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yigʻilish davomida aniqlangan muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish boʻyicha takliflar muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, viloyat sudlari adolatli qarorlar qabul qilishda yetarlicha masʼuliyat koʻrsatmayotgani aniqlangan. Xususan, yil boshidan buyon viloyat sudlari qarorlaridan norozi boʻlgan 18 ming fuqaro Oliy sudga murojaat qilgan.

Xabarga koʻra, sudlarda ishlarni koʻrib chiqish eskicha davom etyapti. Advokatlarning oʻrni yuqori emas. Tergovchilar oʻz ustida ishlamay qoʻygan.

Yigʻilish davomida prezident sudlarda raqobat muhitini yaratish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan.

Shuningdek, viloyat sudlarining masʼuliyatini oshirish, jinoyat ishi sud tomonidan nafaqat ayblov xulosasi, balki himoyachining xulosasi bilan ham qabul qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan.

Shu bilan birga, sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi taʼkidlangan. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich koʻpaytirish taklifi maʼqullangan.

Davlat rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uygʻun qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish boʻyicha qator topshiriqlar bergan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling