Ukrainalik jurnalist Oʻzbekistonni Ukrainaga qarshi Rossiyaga yordam berayotganligini aytdi — video

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov videodagi gaplar asossiz ekanligini aytdi

Videodan lavha

Videodan lavha

Ukrainalik jurnalist Gordon oʻzining “Dimitriy Gordonnikida mehmonda” loyihasida isroillik milliarder Leonid Nevzlin bilan suhbat uyushtirib, unda Oʻzbekistonni Ukrainaga qarshi Rossiyaga yordam berayotganligini aytdi.

Suhbat, asosan Isroilning Ukrainaga yordami, Si Szinpinning Putin bilan aloqasi, safarbarlik, shuningdek, Eron dronlari haqida boʻlgan.

Videoga ko'ra, Oʻzbekiston, Eron va Iroq oʻz hududlarida harbiy dronlarni ishlab chiqib, uni Rossiya armiyasiga yetkazib beryapti.

Nevzlinning aytishicha, Isroil Eronning Suriyada dron yigʻib Rossiyaga joʻnatadigan markazlariga bir necha bor hujum qilgan. U, shuningdek, bunday zavodlar Iroq va Oʻzbekistonda ham borligini aytgan.

Jurnalist Nevzlinga savol berib: “Sizningcha, Isroil Eron, Oʻzbekiston va Iroqda ishlab chiqilayotgan dronlar markazini nishonga olishi mumkinmi?” – deydi.

“Oʻzbekiston haqida bir narsa aytishim qiyin, chunki bu mamlakat ancha neytral va jahon hamjamiyati bilan doʻstona munosabatda hisoblanadi. Oʻylaymanki, ularga Isroil va AQSH tomonidan berilajak ogohlantirish bayonoti ham yetarli boʻladi. Iroq bilan Erondagi ishlab chiqarish punktlariga esa Isroil allaqachon hujum uyushtiryapti va bu davom etadi”, – deya javob qaytargan isroillik Nevzlin.

Ushbu videoga "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o'z munosabatini bildirib o'tdi.

Qodirovning ta'kidlashicha, videodagi gaplar asossiz va buni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak.

"Oʻzbekiston rus agressiyasini hech qanday shaklda qoʻllab-quvvatlamasligini, muzokaralar va hududiy yaxlitlikni qoʻllab-quvvatlaydigan betaraf pozitsiyasini fuqarolarimiz ham butun dunyo ham juda yaxshi tushunib boʻldi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi va Gordonni uzr soʻrashga majbur qilishi kerak", deb yozadi Alisher Qodirov.

Maʼlumot uchun, suhbat kecha, 26-oktyabr kuni eʼlon qilingan boʻlib, Oʻzbekiston rasmiylari bu borada biror ochiq fikr yoki rasmiy munosabat bildirmagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling