Videodan kadr
Samarqand viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon tuman sudida ayolga tegajogʻlik qilgan mullaning sud ishi koʻrib chiqildi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon sudida mazkur holat boʻyicha sud majlisi boʻlib oʻtgan. Sudda maʼlum boʻlishicha, erkak nafaqat birovning nikohida boʻlgan ayolga tegajogʻlik qilgan va uni keyinchalik ham uchrashib turishga undagan.
Ayblanuvchining soʻzlariga koʻra, u Al-Buxoriy madrasasida diniy taʼlim olgan va bu borada sertifikatga ham ega. Sud hujjatlarida koʻrsatilishicha, sudlanuvchining harakatlaridan arz qilgan kelinning sogʻligʻi yomonlashgani uchun qaynotasi mulla chaqirgan. Undan “eskicha” oʻqib qoʻyib, tuzatib berishini soʻragan.
“Ayamlar borida yaxshi muomala qilib oʻqidi. Ular chiqib ketgach, quchoqladi. Bemalol oʻpdi”, — deydi jabrlanuvchi.
Ma'lum bo'lishicha, mulla uydagi yovuz ruhlarni quvishini aytib, ayolning yaqinlarini xonadan chiqarib yuborgan.
“Bu kishi (mulla) senga ʻqoʻl berdimʼ, ertaga ertalabdan namoz oʻqishni boshlaysan dedi. Meni arab tili maktabiga kirgizishini, har kuni kechqurun uyimga borishim va buni hech kim bilishi kerakmasligini aytdi”, — deya taʼkidlaydi jabrlanuvchi.
Ayol tegajogʻlik qilgan mulla ustidan IIBga murojaat qilgan. Biroq gumonlanuvchi inspektorning talabiga boʻysunmay, tergovga kelishdan bosh tortgan.
Sud hukmiga koʻra, mulla MJtKning 183 va 194-moddalarning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga MJtKning 183-moddasi bilan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi va 194-moddaning 1-qismi bilan BHMning 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Aniqlanishicha, mazkur erkak 2022-yilda jamoat joyida spirtli ichimlik ichgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling