Foto: ABC News
AQSHning Missuri shtatida qurilayotgan koʻprik qulab tushdi. Oqibatda toʻrt kishi vayronalar ostida qolgan. Bu haqda “NBC News” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 26-oktyabr kuni sodir boʻlgan. Kley okrugi maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, ishchilar beton quyish vaqtida koʻprik quruvchilarning ustiga qulagan. Hodisa oqibatida toʻrt nafar fuqaro vayronalar ostida qolib ketgan, ularning bir nafari halok boʻlgan, qolgan uchtasi esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan viloyat shifoxonasiga yetkazilgan.
Foto: NBC News
Xabarga koʻra, koʻprik qulagan vaqtda voqea joyida bir nechta pudratchi kompaniyalar boʻlgan. Politsiya olib borgan tekshiruv natijalarida, qurilish vaqtida xavfsizlik choralariga rioya qilinganligi aniqlangan. Baxtsiz hodisa boʻyicha tergov AQSH Mehnat departamentining Mehnatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash boshqarmasiga topshirilgan.
Foto: ABC News
Maʼlumot uchun, ushbu ikki qatorli koʻprik 2016-yilda qayta taʼmirlash uchun yopilgan boʻlib, 2021-yilning may oyida qurilish ishlari boshlangan. Koʻprik 2023-yilda qayta ochilishi rejalashtirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling