Foto: Prokuratura departamenti
Samarqandda “999,9” probali sof oltinni sotmoqchi boʻlgani aytilayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament bergan xabarga koʻra, noqonuniy oltin savdosi idora hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fosh qilingan.
Qayd etilishicha, shaxslar noqonuniy daromad orttirish maqsadida Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududida fuqaroga ogʻirligi 474,75 gramm boʻlgan 1 dona oltinga oʻxshash sariq rangli quyma metallni 287,3 mln soʻmga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, bir dona sariq rangli metallning 469,52 grammi “999,9” probali sof oltin ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling