Samarqandda gaz tarmog‘iga ulash, Qashqadaryoda yer rasmiylashtirish uchun pora so‘raganlar ushlandi

Gumonlanuvchilar 2 ming hamda 11,6 ming dollar evaziga masalalarni hal qilib berishni va‘da qilgan.

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsion holatlarga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.

“Urguttumangaz” gaz ta‘minoti bo‘limining mansabdor xodimi va mazkur tashkilotda muqaddam ishlagan shaxs mahalliy MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasi o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berishni aytib, evaziga 2 ming dollar talab qilishgan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ushlandi. 

Shuningdek, Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yerni boshqa shaxs nomiga kadastr hujjatlarini tayyorlab, sotib olib berish evaziga muqaddam 11,6 ming dollar olgan. 

Ammo, mazkur mansabdor shaxs bergan va‘dasini bajarmay, olgan pul hisobidan 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u 11,6 ming dollar hisobidan qolgan 89,5 mln so‘mni ham jabrlanuvchiga qaytarib berdi.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling