Foto: Videodan lavha
Fargʻona viloyatida 30 kgdan ortiq narkotik moddalarini sotishga uringan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati DXX boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida Fargʻona shahrida yashovchi muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan 44 yoshli fuqaroning yashash xonadoni yon atrofi koʻzdan kechirilganda, yerga koʻmib qoʻyilgan 21 kg 579 gr gashish moddasi borligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositasini u keyinchalik Toshkent shahri va Fargʻonada sotishni rejalashtirgan.
Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigini aniqlash maqsadida davom ettirilgan tadbirda Fargʻona-Toshkent yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Nexia avtomashinasi Namangan viloyati Pop tumanida toʻxtatilib koʻzdan kechirilgan.
Natijada Fargʻona viloyatida yashovchi 1983-yilda tugʻilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashinaning yukxonasida 2 kg 816 gr gashish moddasi borligi aniqlanib tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi tekshiruv tadbirlarining yana birida Qoʻqon shahrida yashovchi 33 yoshli fuqaroning xonadonida 4 kg 831 gr opiy va 995 gr gashish moddalari borligi maʼlum boʻlgan.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Qoʻqon shahrida yashovchi 25 yoshli fuqaroga tegishli boʻlib, u Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan narkotik moddasini Toshkentda sotishni rejalashtirgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling