Buxoroda hokimlik tasarrufidagi yerni sotmoqchi bo'lgan shaxs qo'lga olindi

U kelishilgan puldan 70 ming dollarini olayotgan vaqtda ushlangan

Foto: Bosh prokuratura

Foto: Bosh prokuratura

Buxoro viloyati Buxoro tumanida yer uchastkasini katta miqdordagi pul evaziga sotmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, fuqaroning Buxoro viloyati IIB JQB Yer resurslari talon-taroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmasiga qilgan murojaatiga asosan, viloyat prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Maʼlum qilinishicha, ayblanuvchiga Buxoro tumani “Bogʻdasht” mahallasi hududidan dastlab tuman hokimining qarori bilan “S.K.R” MCHJga koʻp qavatli uy-joy qurish uchun 1,12 gektar boʻsh yer maydoni ajratilgan. Keyinchalik mazkur qaror tuman hokimining qarori bilan bekor qilinib, yer maydoni hokimlik zaxirasiga qaytarilgan.

Lekin shunga qaramay, hujjatlarni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, 120 ming dollarga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 70 ming dollarini ariza muallifidan firibgarlik yoʻli bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi 1-qismi “a” bandi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling