Yaponiya olimlari ovqat qoldiqlaridan sement ishlab chiqarish usulini ixtiro qilishdi

Agar ixtiro sanoatda qo‘llash miqyosigacha kengaytirilsa, qurilish materiallari bozoridagi muhitni o‘zgartirib yuborishi mumkin

Foto: ecosphere.press

Foto: ecosphere.press

Tokio universiteti qoshidagi Sanoat fanlari instituti olimlari qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun oziq-ovqat chiqindilaridan foydalanib, yangi sement ixtiro qilishdi. 

Ta'kidlanishicha, tadqiqot natijalari muvaffaqiyatli bo'lib chiqdi: oziq-ovqat chiqindilarining samarali bog‘lovchi modda ekani isbotlangan. Professor Yuya Sakai rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi yog‘och kukunidan qurilish materiallarini tayyorlashda keng qo‘llaniladigan «issiq presslash» usulidan foydalanmoqda.

Bunda dengiz o‘tlari, karam barglari, apelsin, piyoz, qovoq va banan po‘stlog‘i quritiladi va kukun holatiga keltirilib, presslanadi. Olingan sement mustahkamligi bo‘yicha tijoriy portland sementdan qolishmayapti.

Oziq-ovqat qoldiqlarini qayta ishlashdan tashqari, yangi jarayon sement ishlab chiqarishdagi uglerod chiqindilarini kamaytirishi mumkin. Hozircha texnologiya faqat kichik miqyosda sinovdan o‘tkazildi.

Ammo agar u sanoatda qo‘llash miqyosigacha kengaytirilsa, qurilish materiallari bozoridagi muhitni o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Hozirda oziq-ovqat chiqindilari butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgan muammodir. Birgina Qo‘shma Shtatlarda barcha oziq-ovqat mahsulotlarining 40 foizi iste’mol qilinmay tashlab yuboriladi. Oqibatda juda katta hajmdagi resurslar isrof bo‘lmoqda, chiqindilar poligonlarda chirib, o‘zidan juda ko‘p miqdorda metan gazi chiqarmoqda. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling