Foto: Kun.uz
Surxondaryo viloyati Denov tumanida muqaddam olti marta sudlangan erkak yana jinoyatga qo'l urdi. Bu haqda "Zamon" informatsion dasturida xabar berildi.
Unga ko'ra, Denov tumanining Ibn Sino mahallasida istiqomat qiluvchi 32 yoshli erkak 17-iyun kuni spirtli ichimlik ichib, dehqon bozoridan uyiga yetib olish uchun taksi yollagan.
O'z uyiga yetib kelgan erkak haydovchi bila yo'l haqi masalasida tortishib qolgan. Yuzaga kelgan janjalda erkak uyidan olib chiqqan kapgir bilan haydovchiga yengil tan jarohati yetkazgan. Haydovchi qochib ketishga muvaffaq bo'lgan. Ammo mast erkak uyida janjalni davom ettirgan.
Ushbu holatdan xabar topgan profilaktika inspektori va uning yordamchisi erkakning uyiga kelib, uni IIB idorasiga olib ketmoqchi bo'lgan. Biroq, erkak xodimlarga qarshilik ko'rsatgan.
Shu bilan birga, molxonasidan bolta olib chiqib, inspektor yoramchisining chap oyog'iga shikast yetkazgan.
Jinoyat ishlari bo'yicha tuman sudida erkak aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan unga Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko'rsatish) 2-qismi bilan 4 yilga muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, jinoyat kodeksining 60-moddasi tartibida ilgari tayinlangan jazoning o'talmay qolgan 3 yil 10 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi qo'shilib, uzil-kesil 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling